“Vatanparvarlar” musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi
2026-04-01 15:05:00 / Yangiliklar

Bellashuvda Farg‘ona viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar musobaqa davomida nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki bilim, tafakkur va jamoaviy hamjihatlik borasida ham o‘z salohiyatlarini namoyon etdilar.
Musobaqa dasturi rang-barang va mazmunli shartlardan iborat bo‘lib, “Bilimdonlar” hamda “Smart sardor” yo‘nalishlarida o‘quvchilarning bilim darajasi va tezkor fikrlash qobiliyati sinovdan o‘tkazildi. “Vatan madhi” hamda safda qo‘shiq aytish shartlari esa yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini, jamoa bilan uyg‘un harakat qilish ko‘nikmalarini yorqin namoyon etdi.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilgan “Turnikda tortilish” va “Press” mashqlari ishtirokchilarning chiniqqanligi va bardoshini ko‘rsatib berdi. Harbiy-amaliy yo‘nalishdagi “AK-74 avtomatini noto‘liq qismlarga yoyib-yig‘ish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Merganlar bellashuvi” hamda “Arqon tortish” kabi shartlar esa yoshlarning tezkorligi, epchilligi va jamoaviy hamjihatligini yanada mustahkamladi.
Ayniqsa, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” sharti ishtirokchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rin Quvasoy shahri jamoasiga, ikkinchi o‘rin Farg‘ona tumani jamoasiga nasib etdi. Birinchi o‘rinni esa Oltiariq tumani jamoasi qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanmani tantanali ravishda qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanib, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu musobaqa unutilmas taassurotlar bilan yakunlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









