Okrugda serjantlar kengashi o‘tkazildi
2026-04-01 15:00:00 / Yangiliklar

Mazkur yig‘ilish bosh serjant rahbarligida tashkil etilib, unda serjantlar tarkibining o‘rni, mas’uliyati va yetakchilik salohiyati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Kengash davomida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish, ularning jangovar shayligini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, real sharoitlarga yaqinlashtirilgan mashg‘ulotlar, taktik tayyorgarlik va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda harbiy intizomni mustahkamlash, xizmat jarayonida tartib va mas’uliyatni oshirish ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Yosh harbiy xizmatchilarning yangi muhitga moslashuvi, ya’ni adaptatsiya jarayonini samarali tashkil etish masalasi keng tahlil qilinib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatishning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi. Ta’kidlanganidek, yosh askarning ruhiy va jismoniy moslashuvi — uning kelajakdagi xizmat samaradorligini belgilovchi muhim omillardan biridir.
Shuningdek, bosh serjant tomonidan harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy holatini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi. Harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat va jipslikni mustahkamlash orqali xizmat samaradorligini oshirishga erishilayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, jinoyatchilik va turli ko‘rinishdagi korrupsion holatlarning oldini olish masalasi kun tartibining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqildi va bu borada qat’iy vazifalar belgilandi.
Kengash davomida zamonaviy jangovar harakatlar tajribasi ham atroflicha tahlil qilindi. Harbiy xizmatchilar tomonidan bugungi kunda global harbiy amaliyotda qo‘llanilayotgan ilg‘or taktik yondashuvlar, manevrli harakatlar va innovatsion metodlarni o‘rganish hamda amaliyotga joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Bu esa qo‘shinlarning har qanday vaziyatda tezkor va samarali harakat qilish qobiliyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda belgilangan davr mobaynida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham ochiq va tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Har bir kamchilikni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab olindi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






