Uch avlod uchrashuvi – tajriba va vatanparvarlik maktabi
2026-03-31 17:00:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuvda okrug Faxriylar kengashi raisi hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etib, o‘z hayotiy tajribalari va xizmat davomida orttirgan saboqlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida faxriylar tomonidan mardlik, jasorat va harbiy burchga sadoqat kabi yuksak fazilatlar haqida samimiy fikrlar bildirildi. Ularning hayot yo‘li va bosib o‘tgan xizmat maktabi yosh askarlar uchun chinakam ibrat bo‘ldi. Ayniqsa, xizmat davomida duch kelgan sinovlar, qiyinchiliklarni yengish yo‘llari hamda jamoa bo‘lib harakat qilishning ahamiyati haqida aytilgan fikrlar yoshlar uchun muhim saboq vazifasini o‘tadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida askarlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, ularning qiziqishlari va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa yosh harbiy xizmatchilarning xizmatga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi, ularda qat’iyat va mas’uliyat hissini mustahkamladi.
Uchrashuv iliq va samimiy ruhda o‘tib, yoshlar qalbida harbiy kasbga hurmat, Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Bunday uchrashuvlar esa avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, boy tajribani yoshlar ongiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan yoshlarning ruhiy tayyorgarligini kuchaytirib, ularni kelgusida yetuk va fidoyi harbiy xizmatchi bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







