Malaka oshirish va tayanch kursi kursantlarining bitiruv tantanasi bo‘lib o‘tdi
2026-03-31 12:05:00 / Yangiliklar

Marosimda oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, faxriy mehmonlar, bitiruvchi kursantlar hamda ularning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Vatan himoyasini muqaddas burch deb bilgan serjantlarning sadoqati, jasorati va fidoyiligini alohida ta’kidlab, ularning kelgusidagi xizmat faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlarga erishishlariga ishonch bildirdilar.
Shuningdek, nutqlarda mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, serjantlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, uni zamon talablariga mos ravishda modernizatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, mazkur tizim harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligi, liderlik qobiliyati hamda jangovar shayligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bitiruvchilar esa o‘z navbatida egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda samarali qo‘llab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida munosib xizmat qilish, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishlarini bildirdilar
Tadbir yakunida malaka oshirish va tayanch kursini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchi kursantlarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh bitiruvchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berildi. Namunali intizom, yuqori mas’uliyat va xizmat burchiga sadoqati bilan ajralib turgan harbiy xizmatchilar esa Serjantlar tayyorlash oliy maktabi boshlig‘ining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.







