Kadrlar salohiyati — harbiy tizim barqarorligi poydevori
2026-03-31 11:05:00 / Yangiliklar

Seminar o‘z oldiga ofitserlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning strategik fikrlash doirasini kengaytirish, yangi qabul qilingan qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini yetkazishni maqsad qilib olgan. Shu bilan birga, kadrlar bilan ishlash tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Tadbir davomida o‘z sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan xalqaro harbiy-siyosiy vaziyat tahlili, O‘zbekiston — 2030 strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, kadrlar tizimini raqamlashtirish, tahliliy faoliyat samaradorligini oshirish, harbiy jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha mazmunli ma’ruzalar taqdim etilmoqda.
Qayd etish joizki, bugungi kunda vazirlik tizimida kadrlar bilan ishlash jarayonlari izchil raqamlashtirilmoqda. Xususan, harbiy xizmatga qabul qilish hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonlari ochiq va shaffof tamoyillar asosida, test sinovlari va zamonaviy onlayn platformalar orqali amalga oshirilayotgani tizimda adolat va shaffoflikni ta’minlamoqda. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida kadrlar zaxirasini elektron shaklda yuritish yo‘lga qo‘yilib, bu borada Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, ilk bor ofitserlar faoliyatini baholashda zamonaviy yondashuv — KPI (eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari) tizimi joriy etildi. Mazkur tizim harbiy xizmatchilar faoliyatini xolis va shaffof baholash, ularning kasbiy o‘sishini rag‘batlantirish hamda umumiy boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Seminar doirasida ishtirokchilarga kadrlar sohasiga oid yangi rahbariy va me’yoriy hujjatlar talablari, mamlakatimizda kadrlar menejmenti yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarining amaliy jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, harbiy prokuratura vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, seminar doirasida turli ko‘rgazmali chiqishlar, amaliy mashg‘ulotlar, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Eng faol ishtirokchi”, “Eng ilg‘or ma’ruzachi”, “Eng yaxshi maqola muallifi” kabi tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda seminar o‘z ishini izchil davom ettirmoqda. Uning yakunlari kadrlar tizimini yanada rivojlantirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda harbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim amaliy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati









