Mamlakat chempionati yosh sportchilarni bir maydonga jamladi
2026-03-30 15:25:00 / Yangiliklar

Chempionat U-14, U-18 va U-21 yosh toifalaridagi o‘g‘il va qiz sportchilar ishtirokida tashkil etilib, mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh iste’dod egalarini bir maydonga jamladi. Musobaqada ishtirok etayotgan sportchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bellashuvlar zamonaviy talablar asosida, yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Bugun chempionatning birinchi kunida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida pnevmatik vintovkadan o‘q otish yo‘nalishida bahslar boshlandi. Mazkur yo‘nalishda respublikamizning 9 hududidan kelgan qariyb 150 nafarga yaqin yosh sportchilar o‘z mahorati va ruhiy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazmoqda. Har bir ishtirokchi yuqori natijalarga erishish, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.
Musobaqa jarayonlari hakamlar hay’ati tomonidan qat’iy nazorat ostida olib borilmoqda. Baholash mezonlarining shaffofligi va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilinayotgani chempionatning sport tamoyillariga mos ravishda o‘tishini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, murabbiylar va mutaxassislar tomonidan yosh sportchilarning texnik va taktik harakatlari ham tahlil qilinib, ularga tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Chempionatning keyingi kunlarida turli yosh toifalari va yo‘nalishlar bo‘yicha qizg‘in bahslar davom etadi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, eng kuchli sportchilar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




