Harbiylar ijtimoiy himoyasi — e’tibor markazida
2026-03-30 15:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mavjud muammolarini o‘rganish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi. Sayyor qabul amaliy muloqot shaklida tashkil etilib, unda harbiylar bilan bevosita ochiq va samimiy suhbat olib borildi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan mas’ullar tomonidan mamlakatimizda harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning mashaqqatli va sharafli xizmatiga bildirilayotgan hurmat va ehtirom davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, harbiylarning munosib turmush kechirishi, xizmat sharoitlarini yaxshilash va ijtimoiy kafolatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Qabul davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari tomonidan turli masalalar — ijtimoiy himoya, xizmat sharoitlarini yaxshilash, bandlikni ta’minlash, uy-joy va boshqa hayotiy muammolar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan sinchkovlik bilan tinglanib, ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi hamda tegishli tashkilotlarga ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, sayyor qabul jarayonida harbiy xizmatchilarning xizmatdan keyingi hayotini samarali tashkil etish, ularning kasbga qayta tayyorlanishi va ijtimoiy moslashuvini ta’minlash masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu borada ilgari surilgan taklif va tashabbuslar tizimli ravishda ko‘rib chiqilishi qayd etildi.






