Jismoniy barkamollik va ma’naviy yetuklik sari
2026-03-30 14:15:00 / Yangiliklar

Nukusda o‘tkazilgan “SILK ROAD” musobaqasi ham ana shunday ulug‘ maqsadlarni o‘zida mujassam etdi. 5 va 10 kilometr masofalarga yugurish bellashuvlari yuzlab ishtirokchilarni yagona marraga – g‘alaba va o‘z ustida ishlash sari chorlab, haqiqiy sport bayramiga aylandi. Respublikamizning turli hududlaridan kelgan 600 dan ortiq sportchi bu yerda nafaqat raqobatlashdi, balki o‘z imkoniyatlarini sinadi, irodasini chiniqtirdi, orzulari sari dadil qadam tashladi.
Musobaqaning yana bir e’tiborga molik jihati – shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilinganidadir. Ishtirokchilarning yosh toifalari bo‘yicha aniq ajratilgani, har bir natijaning xolis baholanganligi sportga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi. Har bir soniya, har bir qadam bu yerda katta ahamiyat kasb etdi. Bu esa sportchilardan nafaqat jismoniy kuch, balki ruhiy bardamlik, diqqat va strategik fikrlashni ham talab qildi.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlar kelajak umidini yanada yorqinroq ko‘rsatdi. Ularning ko‘zlaridagi ishonch, yuraklaridagi g‘urur va g‘alabaga bo‘lgan tashnalik – ertangi kunimizning mustahkam poydevoridir. Bugun kichik masofalarda g‘olib bo‘layotgan bu yoshlar ertaga xalqaro maydonlarda yurt bayrog‘ini baland ko‘tarishi shubhasiz.
Mazkur musobaqa duatlon yo‘nalishining ham yurtimizda tobora ommalashib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Kuch, chidamlilik va sabr-toqatni sinovdan o‘tkazadigan ushbu sport turi inson irodasini chiniqtiradi, uni har tomonlama yetuklik sari yetaklaydi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarning tantanali taqdirlanishi esa bu sport bayramining eng zavqli lahzalaridan biri bo‘ldi. Diplom, medal va esdalik sovg‘alar nafaqat g‘alabaning belgisi, balki kelgusidagi yutuqlarga ilhom manbai sifatida topshirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








