Samarqandlik yoshlar Vatan himoyasiga tantanali ravishda kuzatildi
2026-03-28 18:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir yuksak ruh, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan holda tashkil etildi. Marosimda viloyat hokimi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, faxriylar, yoshlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbir davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. So‘zga chiqqan mas’ullar yurtimizda yoshlar tarbiyasiga, ularning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, harbiy xizmat yigitlar uchun haqiqiy matonat, jasorat va sadoqat maktabi ekanini alohida qayd etishdi.
Shuningdek, ota-onalar va faxriylar tomonidan yoshlarga samimiy tilaklar bildirildi. Ular farzandlarining Vatan oldidagi muqaddas burchini sidqidildan ado etishlariga ishonch bildirib, yurt tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrashga da’vat etdilar.
Marosim davomida madaniy chiqishlar, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Yoshlar esa o‘z navbatida bildirilgan ishonchni oqlash, yurt sha’nini munosib himoya qilish hamda xizmat davomida intizom va sadoqatni ustuvor vazifa deb bilishlarini qat’iy ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida yigitlar yaqinlari bilan xayrlashib, ularga yaratilgan sharoitlar asosida belgilangan manzillarga kuzatildi.







