Duatlon boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi
2026-03-28 18:05:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda bugun Toshkent shahrida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”da sportning duatlon turi boʻyicha havaskorlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.
Musobaqa davomida yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 100 dan ortiq sportchi bellashuvlarda ishtirok etib, jismoniy tayyorgarliklarini sinovdan oʻtkazdi. Musobaqasi shartlariga koʻra, ishtirokchilar belgilangan masofani avval yugurib, soʻng velosipedda va soʻngida yana yugurib oʻzlarining mahoratini namoyon qildi.
Darhaqiqat, shaffoflikni taʼminlash maqsadida ishtirokchilar yosh toifalari boʻyicha – 12 yoshdan 15 yoshgacha, 16 yoshdan 19 yoshgacha hamda 19 yoshdan yuqori guruhlarga ajratilgan holda baholandi.
Musobaqa davomida har bir ishtirokchining harakati hakamlar hayʼati tomonidan qatʼiy nazoratga olinib, belgilangan qoidalar asosida baholab borildi. Har bir soniya, har bir kichik xatolik yakuniy natijalarga bevosita taʼsir koʻrsatdi.
Quvonarlisi, mazkur musobaqada Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilar va sportchilari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdilar:
Musobaqa natijalariga koʻra;
– kichik serjant Muhitdinov Bunyod Baxtiyor oʻgʻli – umumiy hisobda 2-oʻrin, yosh toifasida 1-oʻrin;
– sportchi Turgʻunov Islom – yosh toifasida 1-oʻrin;
– sportchi Rayimqulov Rauan – yosh toifasida 2-oʻrin;
– kichik serjant Olimova Irodaxon – umumiy hisobda 3-oʻrin, yosh toifasida 1-oʻrin
– kichik serjant Morozova Viktoriya – yosh toifasida 3-oʻrinni egalladi.
Mazkur natijalar sportchilarimizning yuqori tayyorgarligi, kuchli iroda va intilishlari samarasidir. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida erishilgan gʻalabalar kelgusida milliy terma jamoalar safini munosib sportchilar bilan toʻldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu musobaqa mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda duatlon sport turini keng ommalashtirishda muhim qadam boʻldi.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









