Harbiy xizmatchilarga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
2026-03-28 16:30:00 / Yangiliklar
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda bir yil davomida xizmatni o‘tab, jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdagi yuqori natijalari bilan test sinovlaridan muvofaqqiyatli o‘tgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar askarlarga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ular xizmat davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalarini Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etishlariga ishonch bildirishdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarga yigitlik burchiga sadoqat bilan xizmat qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, askarlar xizmat davomida yaratilgan shart-sharoitlar hamda berilgan bilim va ko‘nikmalar uchun qo‘mondonlikka minnatdorlik bildirdi.
Tadbir yakunida muddatli harbiy xizmatchilar Qarshi temiryo‘l vokzalidan harbiy orkestr sadolari ostida tantanali ravishda oilalari bag‘riga kuzatildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati




