Qashqadaryoda “Harbiy qismda bir kunim” loyihasi tashkil etildi
2026-03-28 11:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda so‘z olganlar mehmonlarni tadbir rejasi bilan tanishtirib, jarayonlarga faol ishtirok etishga undashdi. Faxriy qorovulning qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlari, qo‘l jangi elementlari namoyishi yig‘ilganlarda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi. Shundan so‘ng mehmonlar qism saf maydonida yoyilgan turli o‘quv nuqtalarida qurol-aslaha va harbiy anjomlar bilan tanishib, ular haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni ko‘zdan kechirgan yoshlarda harbiy xizmatchi bo‘lishga nisbatan ishtiyoq ortgani aniq. Ko‘zida shijoat, yuragida vatanga muhabbat mavjlanayotgan o‘quvchi yoshlar uchun sayohat haqiqiy hayot maktabi bilan tanishuv vazifasini o‘tadi.
Atrofga tun pardasi yoyilgan vaqtda gulxan atrofida harbiylar va yoshlar o‘rtasida samimiy muloqotlar boshlandi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri hamda viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar suhbat jarayonlarining ko‘tarinki ruhda o‘tishi uchun xizmat qildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









