Birlikda rivoj, birdamlikda muvaffaqiyat!
2026-03-27 20:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida sahnada namoyon etilgan har bir chiqish o‘ziga xos ma’no va ta’sir kuchi bilan ajralib turdi. O‘zbekiston Respublikasi Drama teatri aktyorlari, so‘z san’ati ustalari, baxshilar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Xorazm viloyati bo‘limi vakillari tomonidan taqdim etilgan ijodiy dasturlar yig‘ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi. Ularning samimiy va yurakdan chiqqan chiqishlari harbiy xizmatchilar qalbida faxr, g‘urur va burchga sadoqat hissini yanada kuchaytirdi.
Sahna orqali yangragan har bir so‘z, jarang sochgan kuylar va baxshilar tomonidan kuylangan dostonlar milliy ruhning teran ildizlarini yodga soldi. Ushbu chiqishlar ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan jasorat, matonat va mardlik fazilatlarini yorqin ifoda etib, tinglovchilarni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, baxshichilik an’analari asosida ijro etilgan dostonlar va so‘z ustalarining teran mulohazalarga boy nutqlari yig‘ilganlarda chuqur ruhiy ta’sir uyg‘otdi.
Tadbir yakunida harbiy qism komandiri so‘zga chiqib, mehmonlarga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Ularning ma’naviy-ma’rifiy ishlar rivojiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





