Sadoqat, intizom va sharaf sari ilk qadam
2026-03-27 17:45:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida ishtirokchilarga harbiy qismning boy tarixiy merosi, sharafli yo‘li hamda bugungi kundagi samarali faoliyati haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, jangovar tayyorgarlik va ma’naviy tarbiya borasida erishilgan natijalar yoshlar qalbida faxr hissini uyg‘otib, ularni yuksak maqsadlar sari ilhomlantirdi.
Uchrashuvning eng ta’sirchan jihatlaridan biri — Vatanga qasamyodning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan qism bo‘ldi. Qasamyodning harbiy xizmatchi hayotidagi o‘rni, uning sha’n va vijdon mezoni ekani, har bir askar uchun muqaddas burch sifatida talqin etilishi chuqur va ta’sirli tarzda tushuntirildi.
Shuningdek, harbiy intizomni ta’minlash masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, buyruq va topshiriqlarni so‘zsiz bajarish zarurligi aniq misollar orqali izohlandi. Tajribali ofitserlar tomonidan xizmat jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan vaziyatlar yuzasidan berilgan amaliy tavsiyalar esa uchrashuvning amaliy ahamiyatini oshirdi. Savol-javoblar jarayonida yosh askarlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarga batafsil va hayotiy javoblar olishdi.
Bundan tashqari, harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xususan, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish markazida ingliz tili hamda turli hunarlarni o‘rganish sharoitlari mavjudligi ham alohida ta’kidlandi. Bu imkoniyatlar yoshlarning nafaqat xizmat davomida, balki kelajakdagi hayot yo‘lida ham mustahkam poydevor yaratadi.
Tadbir yakunida bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarning ahamiyati yana bir bor e’tirof etildi. Zero, ular yosh harbiy xizmatchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuklik va kasbiy salohiyatni shakllantirish, shuningdek, harbiy xizmatni sharaf bilan ado etishga tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





