Yoshlar harbiy hayot bilan tanishdi
2026-03-27 17:10:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, xizmatni samarali tashkil etish tizimi hamda kundalik faoliyat jarayonlari bilan bevosita tanishdi. Bu esa yoshlarda harbiy kasbga nisbatan qiziqish uyg‘otib, armiyaga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamladi.
Alohida e’tiborni tortgan jihatlardan biri — harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda namoyish etilgan zamonaviy vositalar, ularning texnik imkoniyatlari va qo‘llanish prinsiplari haqida berilgan batafsil ma’lumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Yoshlar harbiy sohada olib borilayotgan innovatsion yangilanishlar bilan yaqindan tanishib, mudofaa tizimining zamonaviy qiyofasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Sharqiy harbiy okrug fakulteti faoliyati ham keng yoritildi. Talaba va o‘quvchilar uchuvchisiz uchish apparatlari, dronlar hamda ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan qurilmalar haqida muhim bilimlarga ega bo‘ldi. Bu esa yosh avlodning zamonaviy harbiy sohalarga qiziqishini yanada kuchaytirdi.
Uchrashuv davomida harbiy xizmatchilar bilan ochiq va samimiy muloqotlar tashkil etilib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Harbiy xizmatning mazmuni, Vatanga sadoqat, burch va mas’uliyat kabi tushunchalar hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Bunday muloqotlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, ularni ongli ravishda kelajak kasbini tanlashga undadi.
Mazkur tadbir yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish, ularni fidoyilik va jasorat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi. Ishtirokchilar o‘zlarini haqiqiy harbiy muhitda his etib, unutilmas taassurotlar bilan qaytdi. Olingan bilim va kuzatuvlar esa ularni kelajakda Vatan himoyasi yo‘lida dadil qadam tashlashga ilhomlantiradi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







