Qo‘mondon tomonidan viloyatlardagi harbiy qismlarga biriktirilgan yoshlar muammolari o‘rganildi
2026-03-27 09:15:00 / Yangiliklar

Qarshi shahrida joylashgan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasa rahbarlariga biriktirilgan alohida ishlash talab etiladigan yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Unda okrug qo‘mondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, viloyatdagi mahallalarning yoshlar yetakchilari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi vakillari hamda 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning dastlabki qismida yig‘ilganlarga ochiq muloqot mohiyati, ko‘zlangan maqsad va vazifalar yetkazildi. Shundan so‘ng muloqot uchun tayyorlangan joylarda yoshlar bilan samimiy suhbatlarga imkon yaratildi. Har bir murojaatchining mavjud muammolari, kelajak rejalari va maqsadlari haqida batafsil o‘rganishlar olib borilib, yechimi yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Aksariyat murojaatlarda og‘ir toifadagi yoshlar hisobidan chiqarish, ish bilan ta’minlash, imtiyozli kreditlar ajratish kabi ko‘plab dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Ba’zilari joyida hal etilgan bo‘lsa, boshqalari mas’ul idora va tashkilotlar vakillariga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, bu turdagi tadbirlar Buxoro viloyatida joylashgan okrug tasarrufidagi harbiy qismda tashkil etilib, unda ham 200 nafardan ortiq yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Ularning muammo va takliflari tinglanib, ma’lum qarorlar qabul qilindi.
Okrug miqyosida bu kabi tadbirlarga jiddiy e’tibor qaratilgan.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







