“Jasorat maktabi” — yoshlar tarbiyasi va kasbiy rivojida muhim bosqich
2026-03-27 09:10:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Xorazm viloyati hokimligi mas’ullari, viloyat Kasbiy ko‘nikmalar markazi xodimlari, madaniyat va san’at sohasi namoyandalari, okrug qo‘mondonligi, hududiy “Vatanparvar” tashkiloti hamda Yoshlar ittifoqi kengashi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mazkur o‘quv yig‘inining yoshlar hayotidagi o‘rni, ularning kelajak kasb tanlovi va shaxsiy rivojidagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
O‘quv yig‘iniga jalb etilgan yoshlar 10 kun davomida maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida to‘rt guruhga bo‘linib, turli kasb-hunar yo‘nalishlari, zamonaviy bilimlar hamda hayotiy ko‘nikmalarni egallaydi. Har bir ishtirokchi o‘z qiziqishi va salohiyatiga mos yo‘nalishda bilim olib, o‘quv jarayoni yakunida tegishli mutaxassislik bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratadi.
Mazkur yig‘in nafaqat nazariy bilimlar berish bilan cheklanib qolmay, balki amaliy mashg‘ulotlar bilan ham boyitilgan. Xususan, harbiy-intizomiy tayyorgarlik, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, turli sport va harbiy estafeta bellashuvlari tashkil etilgan. Yoshlar qo‘mondon kubogi uchun o‘tkaziladigan musobaqalarda hamda hududdagi kuch tuzilmalari kuboklari uchun bo‘lib o‘tadigan sport bellashuvlarida faol ishtirok etib, o‘z salohiyatlarini namoyon etadi. Bu jarayonlar ularda jismoniy chiniqish, tezkor fikrlash, raqobatbardoshlik va jamoada ishlash kabi muhim fazilatlarni shakllantiradi.
Shuningdek, o‘quv yig‘ini doirasida yoshlar uchun keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar ham yaratilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan tijorat banklari vakillari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish tartibi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Bandlikka ko‘maklashish markazlari mutaxassislari esa mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat bozoridagi talablar hamda kasb tanlash bo‘yicha yoshlarga amaliy tavsiyalar bermoqda.
Muxtasar aytganda, Nukus va Urganch garnizonlarida boshlangan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini yoshlar hayotida unutilmas sahifa ochib, ularni yuqori maqsadlar sari yetaklovchi muhim maktabga aylanmoqda. Ushbu tashabbus nafaqat yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, balki ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelajakda jamiyatning faol va mas’uliyatli a’zolari etib shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





