Samarqand garnizonida ma’naviy hordiq kechasi yuqori saviyada o‘tkazildi
2026-03-27 08:55:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida Samarqand viloyati musiqali drama teatri hamda Samarqand shahar drama teatrida bir qator sahna asarlari va madaniy dasturlar namoyish etildi. Xususan, Samarqand shahridagi teatr sahnasida tomoshabinlarga “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli spektakli taqdim etildi. Mazkur asarda milliy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va sadoqat kabi insoniy fazilatlar hayotiy voqealar asosida yorqin va ta’sirchan tarzda yoritildi.
Spektakl davomida aktyorlarning mahoratli ijrosi, sahnalashtirishning yuqori darajasi hamda mazmunan boy syujet tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, oila qadriyatlarini ulug‘lovchi sahnalar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga chuqur ta’sir ko‘rsatib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash, shuningdek, milliy teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bu kabi tashabbuslar harbiy jamoalarda sog‘lom muhitni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan ijodiy jamoalarning fidokorona mehnati va yuksak san’atkorlik mahorati alohida e’tirof etilib, ularga samimiy minnatdorchilik bildirildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






