Zangiota tumanidagi harbiy qismda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
2026-03-26 14:25:00 / Yangiliklar

Dastlab yoshlar harbiy qism hududida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Xususan, ular harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan kompyuter xonalari hamda zamonaviy jihozlangan IT ROOM xonalarini ko‘zdan kechirdilar. Ularga mutaxassislar tomonidan ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy sohada IT texnologiyalarining tutgan o‘rni haqida kerakli ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, batafsil javoblar olishdi. Ayniqsa, aloqa qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiylarning faoliyati, ularning vazifalari va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash jarayonlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng harbiy qism anjumanlar zalida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv davomida yoshlarga Vatanga sadoqat, harbiy kasbning sharafi va mas’uliyati, shuningdek, kelajakda harbiy xizmatni tanlashning ahamiyati haqida muhim fikrlar bildirildi. Yoshlar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini ham erkin bayon etishdi.
Mazkur tadbir yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda zamonaviy kasblar, xususan, IT yo‘nalishida bilimlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









