Muddatli harbiy xizmatchilar o‘z uylariga tantanali ravishda kuzatildi
2026-03-26 11:55:00 / Yangiliklar

Jumladan, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida hamda Navoiy viloyati Karmana tumanlarida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining harbiy qismlarida ana shunday tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Unda bir yil davomida harbiy xizmatni sharaf bilan o‘tagan, Vatanga qasamyodiga sodiq qolgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilar o‘z uylariga kuzatildi.
Unda qo‘shilma komandiri, harbiy okrug faxriylar kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi. Marosimlar davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil harbiy islohotlar, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini oshirish, zamonaviy armiya barpo etish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar alohida ta’kidlab o‘tildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, muddatli harbiy xizmatni o‘tash har bir yigitning nafaqat konstitutsiyaviy burchi, balki yuksak sharafidir. Harbiy xizmat davomida yoshlar mardlik, jasorat, fidoyilik, intizom va mas’uliyat kabi fazilatlarni egallab, chinakam hayot maktabini o‘tamoqda. Bu esa ularning kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallashi va yurt ravnaqiga hissa qo‘shishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirlar doirasida xizmat davomida yuqori natijalarga erishgan, yuklatilgan vazifalarni vijdonan va namunali tarzda bajargan harbiy xizmatchilar alohida rag‘batlantirildi. Ularga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, so‘zga chiqqan faxriylar va jamoatchilik vakillari tomonidan xizmatni munosib ado etgan yoshlar kelgusida ham yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishlari, o‘z bilim va salohiyatini doimiy ravishda oshirib borishlari zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tantanali kuzatuv marosimlari yakunida harbiy xizmatchilar ota-onalari va yaqinlari bag‘riga qaytar ekan, ularning qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va yuksak mas’uliyat tuyg‘ulari yanada mustahkamlangani e’tirof etildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati







