Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun tibbiy ko‘rik tashkil qilindi
2026-03-26 11:30:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Markaziy harbiy klinik gospitali hamkorligida Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida maxsus tibbiy ko‘rik tashkil qilindi. Unda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari malakali shifokorlar qabulida bo‘lishdi.
Dastlab harbiy qism madaniyat markazida mutaxassislar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda harbiy xizmatchilarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr-mulohazalar bildirdi. O‘tgan davr mobaynida qo‘mondonlik miqyosida o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar, ijtimoiy himoya va xayriya tadbirlarining ko‘lami muhokama etildi.
Kunning ikkinchi yarimida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini jalb qilgan holda chuqurlashtirilgan maxsus tibbiy ko‘rik boshlab yuborildi. Ishtirokchilar reproduktolog, endokrinolog, ginekolog, urolog, androlog, psixolog ko‘riklaridan o‘tkazildi.
Tekshiruvlar davomida yurt himoyachilarining sog‘ligi yuzasidan muammo va shikoyatlari tinglanib, shu yerning o‘zida tashxislar qo‘yildi va davo muolajalari belgilandi. Qo‘shimcha tekshiruv lozim bo‘lganlarga tegishli yo‘llanmalar berildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi









