Har kuning Navro‘z bo‘lsin!
2026-03-25 10:30:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism hududida “O‘lkamizga xush kelding, Navro‘z!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillarini o‘z bag‘riga jamladi.
Bayram sayli erta tongdan ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Harbiy qism hududida o‘rnatilgan doshqozonlarda ahillik va hamjihatlikda tayyorlangan sumalak atrofida yosh-u qari jam bo‘lib, Navro‘zga xos milliy an’analar yana bir bor jonlantirildi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar ishtirokida osh musobaqasi hamda bahoriy milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tanlovlar orqali ishtirokchilar o‘z mahoratlarini namoyish etib, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shdi. Ayniqsa, turli hududlarga xos taomlar namoyishi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Shuningdek, milliy va jamoaviy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar bayram ruhini yanada ko‘tarib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim omil bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘rtasidagi bellashuvlar do‘stona va murosali ruhda kechib, tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mobil madaniyat markazi tomonidan taqdim etilgan ko‘p asrlik etnografik kuy-qo‘shiqlar, shuningdek, harbiy xizmatchilar farzandlari tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi she’rlar tadbirga ma’naviy boylik baxsh etdi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Eng yaxshi bahoriy dasturxon” ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazilib, unda ishtirokchilar milliy an’analar asosida bezatilgan dasturxonlari bilan baholandi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.







