Qo‘mondon askarlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2026-03-24 10:20:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida askarlarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Xususan, harbiy xizmatni tashkil etish, kundalik faoliyat jarayonlari, intizom, ijtimoiy himoya, shuningdek, kelgusidagi kasbiy rivojlanish yo‘nalishlariga oid savollar muhokama markazida bo‘ldi. Qo‘mondon tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar har bir murojaatga aniq, asosli va hayotiy yondashuv asosida berilgani bilan ajralib turdi.
Uchrashuv jarayonida qo‘mondon o‘zining xizmat faoliyati, bosib o‘tgan hayot yo‘li, duch kelgan sinovlar hamda erishilgan natijalar haqida so‘z yuritdi. Ushbu samimiy mulohazalar yosh harbiy xizmatchilar uchun katta ruhiy dalda bo‘lib, ularda Vatanga sadoqat, xizmatga mas’uliyat va kasbga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shu bilan birga, askarlarni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish, ularning individual qobiliyat va qiziqishlarini aniqlash hamda rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Harbiy qism komandirlari zimmasiga har bir askar bilan tizimli va yakka tartibda ishlash, ularning intellektual va kasbiy salohiyatini yuzaga chiqarish, kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar harbiy xizmat samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash, jamoada sog‘lom ijtimoiy muhitni qaror toptirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati





