Namanganda yoshlar harbiy qism mehmoni bo‘ldi
2026-03-24 10:15:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida yoshlar harbiy qism faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerdagi sharoitlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, komputerlashtirilgan trenajorlar asosida tashkil etilgan otish darsxonalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular zamonaviy texnologiyalar yordamida harbiy tayyorgarlik jarayonlari qanday olib borilishi bilan amaliy tanishib, o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Shuningdek, yoshlar uchun harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan ularning vazifasi va qo‘llanilish tartibi haqida tushunchalar berildi. Bu esa o‘quvchilarning bilim va tasavvurlarini yanada boyitdi.
Shundan so‘ng tadbir doirasida rahbarlar va yoshlar ishtirokida samimiy muloqot tashkil etildi. Unda harbiy qism komandiri hamda Pop tumani hokimi ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq suhbat qurdi. Muloqot davomida yoshlarning orzu-intilishlari, kelajak rejalari tinglanib, ularning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi. Yoshlarni harbiy xizmatga qiziqtirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash borasida muhim tavsiyalar bildirildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, harbiy kasbga hurmat hamda yurt himoyachisi bo‘lish istagini yanada kuchaytirib, yuksak maqsadlar sari undadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati




