“Eng ilgʻor jangchi – 2026”: O‘zbekiston harbiylari AQSHda rekord natijalar bilan yana bir bor g‘alabani qo‘lga kiritdi
2026-03-21 09:10:00 / Yangiliklar

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashishdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (8 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarni yechishga qaratilgan majmuaviy to‘siqlar yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 20 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, NATO namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, nom‘alum hududga vertolyot aviatsiyasini chaqish va uning yordamida obyektga yetib borib arqon yordamida tushish hamda kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi 13 ta shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.
Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 20 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda III-darajali serjant Avlayev Turdimurod jismoniy va ruhiy zoʻriqishlarni o‘zida jamlagan majmuaviy to‘siqlar yoʻlagini 10 daqiqayu 34 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Salomov Ilhom tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash shartini 59 daqiqada bajarishga muyassar bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.
Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlanishdi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.
Ma‘lumot uchun 22-mart kuni gʻoliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olinadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommukinatsiyalar departamenti








