Yoshlar qo‘mondon kubogi uchun o‘q otish sportida bellashdi
2026-03-19 15:40:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqa O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy bo‘limi, Shimoli-g'arbiy harbiy okrug qo'mondonligi, “Vatanparvar” tashkiloti Nukus shahar kengashi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar orasida sportni keng targ‘ib qilish, ularning jismoniy tayyorgarligini oshirish, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash hamda o‘q otish sport turini yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada turli yosh toifalaridagi sportchilar — U14, U18, U21 hamda para o‘q otish yo‘nalishidagi ishtirokchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Umumiy hisobda 7 ta jamoadan 50 nafar sportchi hamda para o‘q otish bo‘yicha 9 nafar sportchi ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdilar.
Bellashuvlar davomida sportchilar yuqori aniqlik, sabr-toqat va kuchli ruhiy tayyorgarlikni namoyish etdilar. Har bir ishtirokchi g‘alaba uchun kurashar ekan, maydonda haqiqiy sport ruhi, do‘stona raqobat va o‘zaro hurmat muhitini ko‘rish mumkin edi. Ayniqsa, yosh sportchilarning chiqishlari kelajakda ushbu sport turining istiqboli yorqin ekanini ko‘rsatdi.
Musobaqa qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng kuchli va mahoratli sportchilar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Ushbu musobaqa nafaqat sportchilar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi, balki Navro‘z bayrami arafasida yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ham o‘z hissasini qo‘shdi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






