Navro‘z — ezgulik, mehr-oqibat va yangilanish timsoli
2026-03-19 11:45:00 / Yangiliklar

Xususan, Harbiy xavfsizlik va Mudofaa universiteti Serjantlar tayyorlash oliy maktabida Navro‘z bayrami sharqona an’analar va milliy qadriyatlar ruhida keng nishonlandi. Bayram tadbirlarida maktab hududini ko‘tarinki kayfiyat egalladi, kursantlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhiti hukm surdi.
Bayram dasturi doirasida doshqozonlar o‘rnatilib, an’anaviy sumalak tayyorlash jarayoni uyushtirildi. Ushbu jarayon ishtirokchilarda milliy urf-odatlarimizning boyligini namoyon qildi va o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qildi. Shuningdek, saylgohlarda milliy o‘yinlar, ko‘ngilochar tadbirlar va madaniy-ma’rifiy faoliyatlar yo‘lga qo‘yildi, bu esa bayram ruhini yanada jonlantirdi.
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida sport musobaqalari ham tashkil etilib, arqon tortish, milliy kurash, karate, badminton va stol tennisi bellashuvlari o‘tkazildi. Bu musobaqalar bayramga o‘ziga xos shijoat va raqobat ruhini olib kirdi.
Madaniyat markazida davom etgan tantanalarda esa rang-barang konsert dasturlari taqdim etildi. Iqtidorli san’atkorlar va xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramona kayfiyatni yanada charxladi, milliy madaniyatimizning betakror boyligi va go‘zalligini namoyon etdi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun bayram dasturxoni yozilib, milliy taomlar taqdim etildi.









