Navro‘z shodiyonalari dillarga ezgulik ulashdi
2026-03-19 10:30:00 / Yangiliklar

Bu yilgi Navro‘z shodiyonalari ham Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug bo‘ylab yangicha ruh va mazmun kasb etdi.
Okrug boshqaruv apparatida tashkil etilgan bayram dasturi harbiy oilalar va xizmatchilar uchun chinakam shodiyonaga aylandi. Bayram dasturxoni ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, norin va mamlakatimizning turli viloyatlariga xos milliy taomlar bilan bezalib, har bir mehmonni bahoriy lazzatlar bilan qarshi oldi.
Bayram shodiyonasi doshqozonda qaynab turgan sumalak atrofida yanada jonlandi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri va viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar va musiqiy chiqishlar mehmonlarda bayramona kayfiyat uyg‘otdi. Atlas va adraslardan tikilgan milliy liboslar kiygan har bir inson milliy g‘urur va tinchlikka bo‘lgan shukronalikni ochiq ifoda etdi.
Darhaqiqat, Navro‘z bayrami nafaqat yurt himoyachilari orasida birlik va hamjihatlikni mustahkamladi, balki har bir ishtirokchining qalbida bahor iliqligi va umid nurlarini uyg‘otdi. Rang-barang dasturxon, musiqiy kuylar, raqslar va samimiy suhbatlar birlashib, nafaqat shodlik, balki o‘zligimizga bo‘lgan g‘urur va milliy qadriyatlarimizga sadoqat timsoliga aylandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





