Harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etildi
2026-03-18 16:00:00 / Yangiliklar

Harbiy shaharcha hududida o‘tkazilgan yarmarka harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari bilan bir qatorda keng jamoatchilik uchun ham ochiq bo‘lib, fuqarolarga bayramoldi xaridlarini arzon va qulay tarzda amalga oshirish imkonini yaratdi.
Yarmarkada jami 18 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, un, guruch, yog‘-moy mahsulotlari, sabzavot va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada arzonlashtirilgan holda aholiga taklif etildi. Mahsulotlar yetkazib berishda ularning sifati, yangiligi va sanitariya talablariga to‘liq javob berishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Tadbir davomida savdo jarayonlari shaffof, tartibli va tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi. Xaridorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida savdo nuqtalari oqilona joylashtirilib, navbatlar sun’iy ravishda yuzaga kelishining oldi olindi. Har bir mahsulot turi bo‘yicha aniq narxlar belgilab qo‘yilib, ularning oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







