Moliyaviy savodxonlik — raqamli davr tahdidlariga qarshi ishonchli qalqon
2026-03-18 14:35:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan moliyaviy qarorlar qabul qilishda puxta o‘ylangan yondashuv zarurligi alohida ta’kidlandi. Xususan, kredit olish jarayonida uning asosiy shartlari — foiz stavkasi, to‘lov grafigi, muddati va qo‘shimcha majburiyatlarni batafsil o‘rganish muhim ekani tushuntirildi. Shuningdek, yuqori foizli va shubhali kredit takliflariga nisbatan tanqidiy yondashuvni shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Bank xizmatlaridan foydalanishda qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kreditlarni faqat rasmiy bank muassasalari orqali rasmiylashtirish, turli vositachilar yoki noma’lum shaxslar xizmatidan foydalanmaslik moliyaviy xavfsizlikning muhim omili ekani ta’kidlandi. Bunday noqonuniy amaliyotlar jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Uchrashuvda kiberxavfsizlik masalalari ham keng muhokama qilindi. So‘nggi paytlarda kuzatilayotgan telefon firibgarligi, soxta xabarlar va zararli havolalar orqali fuqarolarning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinish holatlari misollar asosida tushuntirildi. Mutaxassislar har qanday sharoitda bank kartasi rekvizitlari, PIN-kodlar hamda SMS orqali yuboriladigan tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik zarurligini qat’iy uqtirdilar.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, amaliy tavsiyalar va tushuntirishlar oldi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati




