Okrugda harbiy xizmatni yuksaltirishga qaratilgan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-03-18 12:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir zamonaviy islohotlar ruhida tashkil etilib, harbiy ta’lim va tarbiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, inson kapitalini rivojlantirish va harbiy xizmatchilar salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Yig‘in davomida bugungi kunda Qurolli Kuchlar safida olib borilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, ilg‘or o‘quv-uslubiy yondashuvlar hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, harbiy xizmatchilarni nafaqat jangovar jihatdan yetuk, balki yuksak ma’naviyatli, mustahkam dunyoqarashga ega, Vatanga sadoqatli shaxslar etib tarbiyalash masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
Tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallashini ta’minlash borasidagi ishlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan, kasb-hunarga ixtisoslashgan texnikumlarda mavjud mutaxassisliklarni aniq yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarga ajratgan holda askarlarning qiziqishi, qobiliyati va salohiyatidan kelib chiqib taqsimlash tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, askarlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlarini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida bilim berish, malakali mutaxassislarni jalb etgan holda tizimli darslar yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur yig‘in harbiy xizmatchilarni har tomonlama yetuk, bilimli, kasb egasi bo‘lgan, mustaqil fikrlay oladigan va Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan shaxslar etib tarbiyalash yo‘lidagi izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






