O‘lkamizga xush kelding, Navro‘z!
2026-03-18 10:30:00 / Yangiliklar

Sharqona yangi yil bayrami munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismlardan birida “O‘lkamizga xush kelding, Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli tashkil etildi.
Unda Mudofaa vazirining o‘rinbosari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya qo‘mondonligi vakillari, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, umumxalq bayramining chinakam ruhini namoyon etdi.
Tong saharda boshlanib, kun davomida avj olgan tadbirlar silsilasi o‘ziga xos uyg‘unlik va jo‘shqinlik bilan kechdi. Doshqozonlarda qaynagan sumalakning mayin isi, uning atrofida jam bo‘lgan yosh-u keksaning samimiy suhbatlari, bir yoqadan bosh chiqarib qilinayotgan mehnat — bularning barchasi Navro‘zning asl mohiyatini, ya’ni ahillik va birdamlik falsafasini yorqin ifoda etdi.
Bayram dasturi turli musobaqalarga boy o‘tdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan oshlar, bahoriy ne’matlar bilan bezatilgan dasturxonlar milliy an’analarga sadoqat va qalb qo‘rini ham namoyon etdi. Shu bilan birga, sport maydonlarida hukm surgan shiddat va jo‘shqinlik bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Milliy va jamoaviy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda kuch, epchillik va jamoaviy hamjihatlik uyg‘unlashib, chinakam sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirdi. Har bir bellashuvda g‘alabadan ko‘ra do‘stlik va o‘zaro hurmat ustuvor qadriyat sifatida namoyon bo‘ldi.
Bayramning ma’naviy-badiiy ohangi esa mobil madaniyat markazi ijrosidagi qadimiy kuy-qo‘shiqlar orqali yanada boyidi. Bu navolar go‘yo asrlar qa’ridan sado berib, bugungi kun bilan tarix o‘rtasida ma’naviy ko‘prik hosil qilgandek taassurot qoldirdi.
Kun yakunida tanlovlarda faol ishtirok etgan ishtirokchilar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar esdalik sovrinlari bilan taqdirlandi.







