Mudofaa vazirligida KPI tizimi bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi
2026-03-18 10:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda vazirlik boshqaruv organlari ofitserlari hamda mas’ul mutaxassislar, harbiy okrug va qismlar videokonferens aloqa shaklida ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kadrlar boshqaruvi tizimidagi tub islohotlar doirasida yuqori malakali kadrlarni tanlash, ularning professional salohiyatini oshirish hamda samaradorligini zamonaviy mezonlar asosida baholash tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Xususan, 2025-yil 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Boshqaruv samaradorligi agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Ushbu hamkorlik doirasida tajriba almashish, harbiy xizmatchilarni shaxsiy-professional diagnostika qilish, liderlik va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek kadrlar faoliyatini KPI tizimi asosida baholash va monitoring qilish yo‘nalishlarida hamkorlik olib borilmoqda.
Tadbir doirasida mehmon sifatida O‘zbekiston Respublikasi Boshqaruv samaradorligi agentligi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ular tomonidan “Davlat xizmatida faoliyat samaradorligini (KPI) baholash tizimi” mavzusida ma’ruza qilinib, rahbar kadrlar faoliyatini zamonaviy boshqaruv mezonlari asosida baholashning ahamiyati, KPI ko‘rsatkichlarini belgilash va monitoring qilish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Vazirlik tashabbusi bilan qabul qilingan “Mudofaa vazirligi boshqaruv organlari ofitserlar tarkibi faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi vaqtinchalik Nizom” ushbu yo‘nalishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida mutaxassislar o‘rtasida fikr almashildi hamda kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Qayd etilganidek, bunday mahorat darslari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, rahbar kadrlarning mas’uliyati va natijadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








