“Ona qalbi” nomli teatrlashtirilgan kompozitsiya namoyish etildi
2026-03-17 20:45:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi Markaziy apparati harbiy xizmatchilari tomoshabin sifatida ishtirok etib, sahna asarini katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatishdi. Spektakl davomida inson qalbidagi mehr-oqibat, onaga bo‘lgan cheksiz muhabbat, hayotiy sinovlar qarshisida sabr-toqat va matonat kabi ezgu fazilatlar ta’sirchan sahna ifodasi orqali yoritib berildi.
“Ona qalbi” asari insoniy tuyg‘ular, xususan, ona mehrining beqiyos kuchini tasvirlashga bag‘ishlangan bo‘lib, unda oddiy hayotiy voqealar orqali inson qalbining nozik jihatlari ochib beriladi. Muallif asarda mehr, vijdon, kechirimlilik va insoniylik kabi umuminsoniy qadriyatlarni chuqur badiiy talqin etadi. Shu bois mazkur asar tomoshabinlarda chuqur ruhiy taassurot uyg‘otadi.
Teatr san’ati esa inson ma’naviyatini boyitishda muhim o‘rin tutadi. U tomoshabinni mushohada qilishga, hayotga teranroq nazar bilan qarashga undaydi, inson qalbida ezgulik, mehr-oqibat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar uchun bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar ularning ma’naviy-ruhiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur teatrlashtirilgan kompozitsiya ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ularni insoniy qadriyatlarga sadoqat, ona mehrini qadrlash va hayotga chuqurroq nazar bilan qarashga undadi.









