“Harbiy qism yettiligi” — armiyaning ishonchli tayanchi
2026-03-17 17:20:00 / Yangiliklar

Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida “harbiy qism yettiligi” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim harbiy xizmatchilarning ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy holatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni samarali bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda tizim harbiy qism va muassasalarda bosqichma-bosqich joriy etilib, jumladan Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi qismlarda ham amaliy natijalar bermoqda.
“Harbiy qism yettiligi” tarkibiga komandirlar, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha mas’ullar, psixologlar, moliya sohasi mutaxassislari hamda boshqa tegishli xodimlar jalb etilgan bo‘lib, ular o‘zaro hamkorlikda kompleks yondashuv asosida faoliyat olib borishadi.
Tizim doirasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy nizolar mavjud yoki turli muammolarga duch kelgan xizmatchilar xonadonlariga muntazam tashriflar amalga oshirilib, ularning turmush sharoiti, ruhiy muhit va o‘zaro munosabatlari o‘rganilmoqda. Aniqlangan muammolar esa qisqa muddatlarda tegishli choralar orqali hal etilmoqda.
Shuningdek, tizim samaradorligini ta’minlash maqsadida bajarilgan ishlar yuzasidan muntazam hisobot yuritilib, maxsus nazorat va ko‘maklashuv guruhlari tomonidan doimiy monitoring olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Mutaxassislar fikricha, “harbiy qism yettiligi” joriy etilgach, ko‘plab murojaatlar joyida hal etilib, harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhit shakllanmoqda. O‘zaro hurmat, hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyat kuchayib, harbiy xizmatchilarning xizmatga bo‘lgan munosabati yanada ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, “harbiy qism yettiligi” tizimi harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi va salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ishonchli omildir.







