Safga qo‘shilgan sadoqat — Vatan himoyasining mustahkam qalqoni
2026-03-17 11:50:00 / Yangiliklar

Harbiy qism saf maydonida o‘tkazilgan tanishtiruv tadbirida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi qo‘mondonlik boshlig‘i, ofitser va serjantlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. Saf tortgan yoshlarning nigohida qat’iyat, qalbida esa Vatan oldidagi sharafli burchni ado etishga bo‘lgan yuksak mas’uliyat aks etib turardi.
Tadbir avvalida so‘z olganlar harbiy xizmatning strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bugungi globallashuv sharoitida milliy xavfsizlikni ta’minlash, jangovar shaylikni yuqori darajada ushlab turish va harbiy intizomni mustahkamlash dolzarb vazifa ekanini ta’kidlab, yosh askarlarni har bir buyruqni aniq va o‘z vaqtida bajarishga, harbiy nizom talablariga qat’iy rioya etishga, jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikni izchil oshirib borishga chaqirdi. Shuningdek, mamlakatimizda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy infratuzilmani yangilash, shaxsiy tarkib uchun zamonaviy ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilar harbiy qismning moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirildi. Askarlarga kun tartibi, ichki xizmat qoidalari, harbiy etikaga oid me’yorlar, shaxsiy xavfsizlik va qurol-aslaha bilan muomala qilish tartiblari yuzasidan dastlabki tushuntirishlar berildi.
Yakunda yangi safga qo‘shilgan harbiy xizmatchilarga omad tilanib, ularning zimmasiga yuklangan yuksak ishonchni oqlashi, Vatan himoyasidagi sharafli burchni sidqidildan ado etishiga qat’iy ishonch bildirildi.




