Zamonaviy texnologiyalar — harbiy salohiyat poydevori
2026-03-17 09:50:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda harbiy xizmatchilar uchun “Uchuvchisiz uchish apparatlarining xususiyatlari va imkoniyatlari” mavzusida nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlar harbiylarning zamonaviy harbiy texnika va innovatsion yechimlar bilan ishlash bo‘yicha bilim va tajribasini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Mashg‘ulotlarda okrug fakulteti professor-o‘qituvchilari, tajribali mutaxassislar hamda bosh serjantlar ishtrok etib, uchuvchisiz uchish apparatlarining texnik imkoniyatlari, ularning razvedka olib borish, nishonlarni aniqlash hamda jangovar vazifalarni bajarishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berdilar. Nazariy mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilarga zamonaviy dron texnologiyalarining ishlash prinsipi, ularni boshqarish usullari, jangovar vaziyatlarda qo‘llash taktikasi hamda xavfsizlik qoidalari keng tushuntirildi.
Mashg‘ulotlarning amaliy qismi esa real sharoitlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, razvedka ma’lumotlarini olish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.
Xususan, mashg‘ulotlarning muhim bosqichi sifatida Nukus dala o‘quv maydonida bosh serjantlar rahbarligida shartli dushman istehkomlarini aniqlash va yakson qilish bo‘yicha maxsus taktik mashqlar o‘tkazildi. Mazkur mashqlar davomida harbiy xizmatchilar uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanib, shartli dushman pozitsiyalarini aniqlash, ularning joylashuvini belgilash hamda zarba berish jarayonlarini amaliy tarzda bajarib ko‘rdilar.
Bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning nafaqat texnik bilimlarini oshirish, balki jangovar vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, jamoaviy harakatlarni muvofiqlashtirish hamda zamonaviy qurol-aslahalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati




