Harbiy qism va mahalla hamkorligi — ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam
2026-03-16 17:25:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuv mamlakatimizda samarali faoliyat yuritib kelayotgan “Mahalla yettiligi” tizimi tajribasini harbiy sohada ham qo‘llash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Uchrashuv davomida harbiy xizmatchilar mahallalarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, “Mahalla yettiligi”ning faoliyati, ish uslubi hamda aholi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi tajribalarini o‘rgandi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bu tajriba harbiy jamoalarda ijtimoiy masalalarni samarali hal etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, “Harbiy qism yettiligi” a’zolari tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan muntazam uchrashuvlar va ochiq muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Reja doirasida harbiy xizmatchilar istiqomat qilayotgan xonadonlarga tashriflar uyushtiriladi, aniqlangan muammolar bartaraf etiladi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlanadi. Shu orqali ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati



