Munosib xizmat qilgan askarlarga oliy ta’lim uchun tavsiyanomalar topshirildi
2026-03-16 15:10:00 / Yangiliklar

Unda Sharqiy harbiy okrug mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar ishtirok etdi.
Marosim davomida xizmat jarayonida fidoyilik ko‘rsatgan, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida yuqori natijalarga erishgan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashgan hamda bilim saviyasi va namunali intizomi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘la olgan askarlar alohida e’tirof etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar harbiy xizmat yoshlar uchun nafaqat Vatan himoyasi yo‘lidagi sharafli burch, balki ularning ma’naviy-axloqiy kamoloti, qat’iyat, mas’uliyat va intizom kabi fazilatlarni shakllantiruvchi muhim hayot maktabi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, xizmatni namunali o‘tagan yoshlarni oliy ta’lim olishga yo‘naltirish ularning bilim va salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi, kelgusida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Tantanali marosim davomida harbiy nizom-talablariga qat’iy amal qilgan, xizmat davomida mas’uliyati, bilim va salohiyati bilan safdoshlari orasida namuna bo‘la olgan eng munosib askarlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Yakunda harbiy xizmatni sharaf bilan ado etayotgan askarlarga kelgusidagi ta’lim va mehnat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilanib, ularning Vatanga sadoqatli, bilimli va fidoyi insonlar bo‘lib kamol topishiga ishonch bildirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






