Rasulbek Dilmurodov Osiyo chempionati sovrindori bo‘ldi
2026-03-16 09:35:00 / Yangiliklar
Yaponiyaning Nomi shahrida yengil atletikaning sportcha yurish yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Mudofaa vazirligi sportchisi, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchii oddiy askar Rasulbek Dilmurodov munosib ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Hamyurtimiz ushbu yuksak natijaga yarim marafon — 21 km 97 metr masofada erishdi. Dilmurodov kuchli raqobat ostida kechgan bahslarda marraga 1 soat 25 daqiqa 31 soniya natija bilan yetib kelib, Yaponiya va Xitoy sportchilaridan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
Mazkur muvaffaqiyat nafaqat sportchimizning yuksak tayyorgarligi va matonatini, balki Mudofaa vazirligi tizimida sportni rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlarning ham amaliy natijasidir.
Rasulbek Dilmurodovning ushbu yutug‘i mamlakatimiz sport sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilayotgan harbiy sportchilarimizning navbatdagi yorqin g‘alabasi sifatida e’tirof etilmoqda.
