Murg‘ak qalb egalariga mehr ulashildi
2026-03-14 21:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida Angren shahar hokimi hamda harbiy qism komandiri o‘z hayoti va mehnat faoliyati davomida orttirgan tajribalari, yoshlik davridagi qiyinchiliklar hamda mehnat jarayonida duch kelgan sinovlari haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda “Inson qadri” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgani, bu kabi ezgu qadriyatlar jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, maktab-internat tarbiyalanuvchilariga mustahkam sog‘liq va yorqin kelajak tilandi.
Muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan bayramona dasturlarda vatanni madh etuvchi she’rlar o‘qildi, qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir yakunida tuman hokimligi vakillari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan bolajonlarga o‘quv qurollari jamlangan sovg‘alar ulashildi. Mazkur tadbir “Navro‘z ulug‘lash — insonni ulug‘lash” shiori ostida o‘tkazilayotgan Navro‘z bayrami arafasida tashkil etilib, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









