Chaqiriluvchilar muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatildi
2026-03-13 18:10:00 / Yangiliklar

So‘zga chiqqan mas’ullar Vatan himoyasi har bir yigit uchun ulkan sharaf va mas’uliyat ekanini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, harbiy xizmat nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yoshlarning jismoniy va ma’naviy jihatdan chiniqib, qat’iyatli va intizomli inson bo‘lib shakllanishida muhim hayot maktabi hisoblanadi.
Faxriy harbiylar ham yoshlarga murojaat qilib, xizmat davomida harbiy intizomga qat’iy rioya qilish, zamonaviy harbiy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallash, safdoshlariga sodiq bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Ular yurt himoyasiga otlanayotgan yigitlarga omad va matonat tilab, kelgusida Vatan ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan yetuk fuqarolar bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida ota-onalar ham farzandlariga ezgu tilaklar bildirib, ularni Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga chorladilar. Yoshlarning ko‘zida g‘urur va ishonch, ota-onalar qalbida esa farzandlari bilan faxrlanish tuyg‘usi namoyon bo‘ldi.
Tantanali marosim yakunida muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan chaqiriluvchilar ota-onalari, yaqinlari va keng jamoatchilik vakillarining ezgu tilaklari ostida tantanali ravishda kuzatildi. Ularning safga qo‘shilishi yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









