“Yashil makon” — umummilliy an’ana
2026-03-13 18:05:00 / Yangiliklar

O‘tgan davr mobaynida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Mudofaa vazirligi tizimida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Mamlakatimizning turli hududlarida harbiy xizmatchilar tomonidan ayni kungacha millionlab manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilib, joylarda ko‘zni quvontiradigan bog‘lar bo‘y cho‘zmoqda. Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Qizil tog‘ (Krasnogorsk) aholi yashash punkti tog‘ yon bag‘rida 500 gektarlik bog‘ maydoni shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 50 yil muddatga ijaraga ajratilgan bu hududda 2020-yildan buyon 500 mingdan ortiq har xil daraxt ko‘chatlari ekilib kelinmoqda.
Joriy yilning bahorgi mavsumida Mudofaa vazirligi markaziy apparati shaxsiy tarkibi an’anani davom ettirgan holda «Yashil makon» umummilliy loyihasiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. E’tiborli jihati shundaki, bu yerda 2024-yildan buyon terak va tol daraxtlarini qalamcha orqali ko‘paytirish ishlari ham boshlab yuborilgandi. Hozirda o‘sha terak va tol qalamchalaridan ko‘karib chiqqan daraxtlar 1,5-2 metrga bo‘y cho‘zib qolgan. Loyiha boshida ekilgan mevali daraxtlar esa hosilga kirib, ko‘zni quvontiradigan so‘lim maskanga aylangan.
Ma’lumki, joylarda ko‘chat ekish bahor va kuz mavsumlarida amalga oshirilb kelinmoqda. Aynan Qizil tog‘ aholi yashash punktidagi bog‘larga ekilgan ko‘chatlarga melorativ ishlov berish, parvarishlash, tomchilab sug‘orish jarayonlari ham shu paytga qadar harbiy xizmatchilar tomonidan bajarilayotgan edi. Endilikda Mudofaa vazirligi tomonidan mahalliy aholi hamda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga qiziquvchilarga imkoniyat yaratib berilyapti. Qizil tog‘ hududidagi bog‘larga ma’sul podpolkovnik Anvar Hamidovning ta’kidlashicha, daraxtlarni parvarishlash, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishda o‘tgan yildan boshlab ana shunday hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Qisqa qilib aytganda, Qizil tog‘dagi bog‘u-rog‘lar kelgusida nafaqat Toshkent viloyati, balki poytaxtimiz ekologiyasini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shadi. Bundan tashqari mamlakatimiz aholisi va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ushbu so‘lim maskanda maroqli hordiq chiqarish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









