“Jasorat maktabi”da ochiq muloqot: rahbarlar va yoshlar bir davrada
2026-03-13 15:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligi Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va yoshlar bilan ishlash departamenti rahbariyati, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, Jizzax garnizonidagi harbiy qismlar komandirlari, ofitserlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mutasaddilar yoshlar bilan samimiy suhbatda bo‘lib, “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inlarining maqsad va vazifalari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda harbiy xizmatning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlarning bilim olishga intilishi, jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi, Vatan himoyasi yo‘lida munosib kadrlar sifatida shakllanishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning asosiy qismi ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, jumladan, ta’lim olish imkoniyatlari, kasb tanlash, harbiy xizmatga tayyorgarlik, sport va ijtimoiy sharoitlar bilan bog‘liq muammolar hamda takliflarini bildirishdi. Rahbarlar tomonidan har bir masala diqqat bilan tinglanib, ko‘tarilgan muammolar atroflicha o‘rganildi.
Bildirilgan murojaatlar asosida mavjud muammolarni bartaraf etish, yoshlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Mas’ullarga ko‘tarilgan masalalarni o‘rganib chiqish, ularning yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda bu borada tizimli ishlarni tashkil etish topshirildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






