Vatanparvar yoshlar — Yangi O‘zbekistonning ishonchli tayanchi
2026-03-13 10:00:00 / Yangiliklar

Mazkur bosqichda tuman (shahar) bosqichlarida faxrli birinchi o‘rinni egallab, saralangan 17 ta jamoa ishtirok etdi. Ushbu jamoalar umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilaridan iborat “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolaridan tashkil topgan bo‘lib, ular yoshlarning jismoniy chiniqqanligi, intizomi, bilim va salohiyatini namoyon etish uchun mo‘ljallangan qator sinovlarda o‘zaro bellashdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 7 ta jamoaviy va 3 ta yakka tartibdagi, jami 10 ta murakkab hamda mas’uliyatli shart asosida kuch sinashdi. Har bir shart nafaqat jismoniy tayyorgarlik darajasini, balki tezkor fikrlash, jamoaviy hamkorlik, intizom va yurtga sadoqat kabi muhim fazilatlarni ham namoyon etishni talab qildi.
Shartlar doirasida saf qo‘shig‘i ijrosi, arqon tortish, turnikda tortinish, press kuch mashqlari, harbiy estafeta hamda o‘q otish bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Shuningdek, “Temur tuzuklari bilimdoni” sharti orqali o‘quvchilar milliy tarix, buyuk sarkarda Amir Temurning harbiy merosi va davlat boshqaruvi tamoyillariga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yoshlarning amaliy tayyorgarligi esa birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda AK-74 avtomatini yoyish va yig‘ish kabi harbiy-amaliy sinovlarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu shartlar ishtirokchilarning nafaqat jismoniy tayyorgarligini, balki favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini ham shakllantirishga xizmat qildi.
Musobaqa jarayoniga zamonaviy texnologiyalar ruhini olib kirgan robototexnika ko‘rgazmasi esa tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi. Ushbu ko‘rgazma orqali yoshlarning innovatsion fikrlashi, texnologiyalar olamiga bo‘lgan qiziqishi hamda ilm-fan sohasidagi salohiyati namoyon bo‘ldi.
Bellashuvlar davomida har bir jamoa o‘zining jipsligi, qat’iyati, intizomi hamda vatanparvarlik ruhini namoyon etib, g‘alaba sari intildi. Musobaqa maydonida hukm surgan sog‘lom raqobat, shijoat va jo‘shqin kayfiyat yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, xalq oldidagi mas’uliyat hamda yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilish tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Eng yuqori natijani qayd etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga qo‘mondon kubogi tantanali ravishda topshirildi hamda ular musobaqaning Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati









