Shijoatli yigitlar Vatan himoyasi sari yo‘l oldi
2026-03-13 09:35:00 / Yangiliklar

Mazkur marosimda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, viloyat hokimligi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar hamda askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yigitlik burchini sidqidildan ado etishga bel bog‘lagan navqiron o‘g‘lonlarga samimiy tilaklar bildirib, ularning harbiy xizmat davomida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishlariga, harbiy intizomga qat’iy amal qilib, jismonan va ma’nan yetuk bo‘lib qaytishlariga ishonch bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning vatanparvarlik ruhini mustahkamlash hamda Qurolli Kuchlar safini jismonan chiniqqan, ma’naviy yetuk yoshlar bilan to‘ldirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois harbiy xizmatga kuzatilayotgan har bir yigitga yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli vazifa ishonib topshirilayotgani alohida e’tirof etildi.
Ko‘zlarida shijoat va g‘urur jo‘sh urib saf tortib turgan yuzlab askarlarga viloyat hokimi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari mehmonlarni harbiylik olamiga bir on bo‘lsa ham yetaklagan bo‘lsa, harbiy orkestrning kuy-navolari-yu, sanʼatkorlar ijro etgan qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Yakunda muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan yigitlar ota-onalarining duosi va xalqimizning ezgu tilaklari bilan yurt himoyasi yo‘lida sharafli xizmatni ado etish uchun safarbar etildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









