Sportchilar hamda ularning murabbiylari e’tirof etildi
2026-03-12 19:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda V Islom birdamligi oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, boshqa nufuzli xalqaro hamda respublika musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, ularning ustoz-murabbiylari, shuningdek, Mudofaa vazirligi masʼullari ishtirok etdi.
Marosimda mudofaa vaziri o‘rinbosari so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarziga keng jalb etishga davlat darajasida katta eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidladi. Prezidentimiz boshchiligida sportni rivojlantirish, sportchilar uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi tomonidan sport federatsiyalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida harbiy xizmatchilar va yosh sportchilar xalqaro arenalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani taʼkidlandi.
Tadbir davomida xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga faxriy yorliq, koʻkrak nishon va esdalik sovgʻalar topshirildi.
Marosim ishtirokchilari ushbu yutuqlar mamlakatimizda sportga qaratilayotgan eʼtibor, sportchilar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi ekanini alohida qayd etib, sportchilarimiz kelgusida ham yurtimiz bayrogʻini xalqaro maydonlarda yanada baland koʻtarishiga ishonch bildirdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









