Yoshlar bilan harbiycha muloqot
2026-03-12 16:50:00 / Yangiliklar
Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyat boshqarmasi hamkorligida Yoshlar kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. “G‘urumsaroy” dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi otaliqqa olingan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yoshlar mas’ul rahbarlar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Uchrashuvda yoshlarning Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida turli sport musobaqalari tashkil etilib, yoshlar o‘zaro kuch sinashdi. Musobaqalar ishtirokchilarda jamoaviylik, do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







