Surxondaryolik o‘g‘lonlar harbiy xizmatga tantanali kuzatildi
2026-03-12 16:15:00 / Yangiliklar

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, jamoatchilik faollari hamda chaqiriluvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqan viloyat hokimi yoshlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatar ekan, Vatan himoyasi har bir yigit uchun sharafli va masʼuliyatli burch ekanini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ijtimoiy kafolatlar hamda xizmat davomida bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.
Viloyat rahbari yoshlarga xizmat davrida berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, harbiy intizomga qatʼiy rioya qilish, bilim va ko‘nikmalarni puxta egallab, kelgusida jamiyatning faol va fidoyi fuqarolari bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi hamda ularga omad tiladi.
Tadbir doirasida xizmatga otlanayotgan yigitlarga askarlik hayotida zarur bo‘ladigan kundalik ehtiyoj vositalaridan iborat safar sumkalari topshirildi.
Yakunda muddatli harbiy xizmatga otlangan yigitlar ota-onalari, yaqinlari va keng jamoatchilik vakillarining ezgu tilaklari ostida respublikamizning turli hududlarida joylashgan harbiy qismlarga temir yo‘l transporti orqali jo‘nab ketishdi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







