Namunali xizmat e’tirofi
2026-03-12 16:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda fidoyilik bilan xizmat qilgan, jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan, yetarli bilim saviyasiga ega bo‘lgan hamda harbiy intizomi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘la olgan harbiy xizmatchilar alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, bunday e’tibor va rag‘bat yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini yanada oshirish, ularni kelajakda yurt ravnaqi yo‘lida munosib kadrlar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
Tavsiyanomalar jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida faol qatnashgan, harbiy nizom-talablariga qat’iy amal qilgan hamda xizmat davomida o‘zining intizomi, bilim va salohiyati bilan ajralib turgan eng munosib askarlarga topshirildi.
Ushbu tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga, respublikaning oliy taʼlim muassasalari (oliy harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladilar. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









